Valyuta kurslari 24/09/2025
$1 – 12171.03
UZS – -0,7%
€1 – 14364.25
UZS – -0,48%
₽1 – 145.92
UZS – -0,52%
Qidirish
O‘zbekiston va BMT keng ko‘lamli sheriklikni kengaytiradi

O‘zbekiston va BMT keng ko‘lamli sheriklikni kengaytiradi

O‘zbekiston va BMT keng ko‘lamli sheriklikni kengaytiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha milliy vazifalarni amalga oshirish doirasida BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishni BMTning yubiley sessiyasi bilan samimiy tabriklab, uning tashkilot tizimini zamonaviy voqelikka mos ravishda isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston va BMT sherikligida misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 160 dan ortiq dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oktyabr oyida besh yilga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston EKOSOS, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita, Statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga a’zo etib saylandi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ertaga BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha yuqori darajadagi forum bo‘lib o‘tadi. Samarqand shahrida YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasidagi nutqiga yuksak baho berib, uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, yoshlar, ma’rifatparvar islom dini va boshqa sohalarda global hamkorlikni ilgari surish borasidagi tashabbuslari muhimligini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlarda keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish, hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling