O‘zbekiston va Belarus turizm sohasida biznes sheriklikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 2-sentabr kuni Vitebsk shahrida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi doirasida “O‘zbekiston va Belarus: turizm sohasida biznes-hamkorlik” mavzusida seksiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, uyushmalari va sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Seksiya ishi davomida ishtirokchilar turizm sohasini barqaror va o‘zaro manfaatli rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash masalalarida tajriba almashdi.
Shuningdek, xalqaro bozorlarda qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini realizatsiya qilish, ixtisoslashgan taʼlim muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish va turizm sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan yagona turistik axborot-tahliliy portal yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarida madaniy-tarixiy yo‘nalishlarni, shuningdek, Belarusning diqqatga sazovor joylari va o‘ziga xos yo‘nalishlariini ochib berishga qaratilgan sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Seksiya yig‘ilishi yakunida O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va Belarus Respublikasi Turizm sanoati respublika ittifoqi o‘rtasida Turizm sohasida 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik chora-tadbirlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi.