O‘zbekiston va Belarus terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 7-oktyabr kuni Oʻzbekiston va Belarus respublikalari ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvi oʻtkazildi.
Uchrashuvda vazirliklar oʻrtasidagi idoralararo hamkorlik munosabatlari, xavfsizlikni taʼminlash, terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni yanada kuchaytirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Muloqot ishtirokchilari bugungi kunda ikki davlat ichki ishlar vazirliklari oʻrtasida tezkor-qidiruv faoliyati yoʻnalishida umumiy maqsadlarga erishishga imkon beruvchi samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganligini alohida eʼtirof etdilar.
Ochiq va konstruktiv ruhda oʻtgan tadbir yakunida idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh uchrashuvining bayonnomasi imzolandi.
Kunning ikkinchi yarmida Belarus delegatsiyasining Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Toshkent shahrida xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari faoliyati bilan tanishishi rejalashtirilgan.