Valyuta kurslari 04/03/2026
$1 – 12209.86
UZS – 0,16%
€1 – 14170.76
UZS – -0,93%
₽1 – 157.53
UZS – 0,03%
Qidirish
O‘zbekiston va Belarus savdo va qishloq xo‘jaligida yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Belarus savdo va qishloq xo‘jaligida yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Belarus savdo va qishloq xo‘jaligida yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 mart kuni Minsk shahrida o‘zbek delegatsiyasining ishchi tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov va Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi Mixail Myatlikov o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha kelishuv 2026 yil fevral oyida Belarus delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi davomida erishilgan edi.

Muzokaralarda Belarus qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Igor Dorofeychik, O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Raxmatulla Nazarov hamda o‘zbek ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda Minsk shahrida O‘zbekiston savdo uyini tashkil etish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Ushbu savdo uyi orqali qishloq xo‘jaligi hamda elektrotexnika mahsulotlarini taqdim etish va ularning savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, HoReCa sohasini rivojlantirish doirasida Belarus hududida o‘zbek milliy taomlari restoranini ochish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Vitebsk viloyatida 15 ming gektar yer maydonida chorvachilik va kartoshka yetishtirish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Mazkur yo‘nalishda qo‘shma ishlash, investitsiya jalb qilish va mahsulotlarni qayta ishlash hamda eksport qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va aniq loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling