O‘zbekiston va Belarus Adliya vazirliklari arxiv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vaziri o‘rinbosari N.Muxammadiyev bilan Belarus Respublikasi Adliya vazirligi Arxivlar va ish yuritish departamenti direktori Voinov.O.L boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda N.Muxammadiyev O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan o‘zaro hamkorlikni ta’kidlab, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, milliy ma’lumotlar bazasi faoliyati, tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmlari, “Tartibga solish gilotinasi” doirasida oxirgi yillarda 9700 dan ortiq eskirgan NHH bekor qilingani hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sezilarli darajada optimallashtirilgani haqida ma’lumot berdi.
Ushbu uchrashuv doirasida tomonlar arxiv sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, amaliyotlarni o‘zaro o‘rganish va ilmiy-uslubiy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Tashrif yakunida mehmonlar O‘zbekiston Adliya organlari tarixi muzeyiga taklif etildi. Muzeyda vazirlikning tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari va huquqiy sohadagi tarixiy jarayonlar aks etgan ekspozitsiyalar namoyon qilindi.