Valyuta kurslari 20/11/2025
$1 – 11910.93
UZS – -0,25%
€1 – 13784.52
UZS – -0,4%
₽1 – 147.49
UZS – 0,06%
Qidirish
O'zbekiston va BCI barqaror paxta yetishtirish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda

O'zbekiston va BCI barqaror paxta yetishtirish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda

O'zbekiston va BCI barqaror paxta yetishtirish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov “Better Cotton Initiative” (BCI) standartlari, tizimlari va yaxlitligi bo‘yicha katta direktori Yannis Bellinghauzen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur muloqot O‘zbekistonning paxtachilik tizimini jadal modernizatsiya qilish jarayonida xalqaro hamkorligining yana bir muhim qadami bo‘ldi.

Uchrashuv davomida ikki tomon paxta sanoatida barqarorlik tamoyillarini kuchaytirish, BCI standartlarini amaliyotga joriy etish va ushbu jarayonni yanada takomillashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Yannis Bellinghauzen BCI’ning global miqyosdagi faoliyati, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar va kuzatuv natijalari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

U mamlakatimizda paxtachilikda ijtimoiy mas’uliyat, mehnat sharoitlari yaxshilanishi, suvni tejash va agrotexnik amaliyotlarni modernizatsiya qilish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilayotganini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, Alisher Shukurov BCI bilan hamkorlik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi strategiyasida muhim o‘rin tutishini qayd etdi. U paxtachilikni xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish, fermerlar va klasterlar uchun o‘quv dasturlarini kengaytirish, sertifikatsiya jarayonlarini soddalashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Shuningdek, mamlakatimizda paxta yetishtirishdan boshlab qayta ishlashgacha bo‘lgan butun zanjirda barqaror yondashuvni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarga tayyor ekani ma’lum qilindi.

Uchrashuv davomida o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda kelgusida qo‘shma loyihalar boshlash, sertifikatsiya jarayonlarini kengaytirish, mahalliy mutaxassislar uchun treninglar sonini oshirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Muloqot yakunida tomonlar O‘zbekiston BCI standartlarini bosqichma-bosqich joriy etishda izchil davom etishini, BCI esa o‘z navbatida texnik ko‘mak, ekspertiza va xalqaro amaliyotlarni mamlakat agrar tizimiga olib kirishda faol hamkorlik qilinishini aytib o'tishdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling