O‘zbekiston va Bangladesh charm sanoati sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Akbar Sultanov Bangladeshning taniqli biznes eksperti, Best Sourcing kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Mehdi Mahbub bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat sanoati o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Muzokaralar davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishildi:
Ikki tomonlama sanoat aloqalarini yo‘lga qo‘yish:
Tayyor charm, poyabzal, aksessuarlar va xomashyo sohalarida O‘zbekiston va Bangladesh korxonalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.
Investitsiyalarni jalb etish:
Bangladeshlik investorlarni O‘zbekiston charm sanoatiga jalb etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqiladi. Bu borada O‘zbekistonning sanoat infratuzilmasi, imtiyozli hududlari, eksport salohiyati hamda xorijiy sarmoya uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etiladi.
Strategik yo‘l xaritasini ishlab chiqish:
Tomonlar o‘zaro aloqalarni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirish uchun aniq harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar sanoat aloqalarini chuqurlashtirish, kadrlar tayyorlash, sarmoya loyihalarini ilgari surish hamda xalqaro maydonda O‘zbekiston charm sanoatini faol targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.