O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-mart kuni Senat Raisi Tanzila Narbayeva Avstriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Mattias Radostich bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida keyingi yillarda O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, turli darajadagi tashrif va muzokaralar surʼati ijobiy xususiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash, shu jumladan, fan va taʼlim sohasida tajriba almashish, talabalar uchun o‘quv dasturlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda shuningdek, Avstriya Federal Kengashi Prezidenti Andrea Eder-Gitshtalerning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi va uning parlamentlararo muloqot hamda davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida fikr almashildi.
Shu bilan birga, Avstriya parlamenti vakillarining 2025-yil 5–9-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etishga katta qiziqish bildirayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.