O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida ishbilarmonlik hamkorligi mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida ishbilarmonlik hamkorligi mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbanov Avstriya Federal iqtisodiy palatasi vitse-prezidenti Andreas Xers hamda Avstriyaning O‘zbekistondagi elchisi Mattias Radostich bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va ishbilarmonlik hamkorligining hozirgi holati, shuningdek, uni yana-da kengaytirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator aniq va amaliy tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, o‘zbek mutaxassislari uchun Avstriyada amaliyot va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu tashabbus kadrlar salohiyatini oshirish va tajriba almashuvini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish maqsadida O‘zbekiston–Avstriya Qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish taklifi bildirildi. Ushbu platforma ikki davlat tadbirkorlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, hamkorlar topish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini berishi qayd etildi.
Yevropa bozorida milliy mahsulotlarni ilgari surish masalalari ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Jumladan, «Made in Uzbekistan» brendini targ‘ib qilish, Avstriyada O‘zbekiston Savdo uyini ochish va turli ko‘rgazma hamda taqdimotlar o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da jadallashtirish, aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.