O‘zbekiston va AQSHning Yuta shtati bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yuta shtatida siyosiy, iqtisodiy va ilmiy doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Yuta Senati prezidenti Styuart Adams bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni faol jalb etish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya aʼzolari tomonidan O‘zbekistonga Yuta tajribasini tatbiq qilish, xususan, tog‘-kon sanoati, nodir metallarni qazib olish va qayta ishlash, shuningdek, elektrotransport uchun batareya hamda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, Orolbo‘yi hududida ekologik muammolarni hal etishda Yuta shtatining ilmiy-uslubiy tajribasidan foydalanish, artemiya yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Yuta shtati universitetlari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qo‘shma taʼlim dasturlari hamda talabalar almashinuvi loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda tomonlar O‘zbekiston va Yuta shtati o‘rtasida iqtisodiyot, taʼlim hamda madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanligi bildirildi.