O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi (ACCI) raisi o‘rinbosari janob Ariyan Azimiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xususiy sektorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
har chorakda Toshkent, Qobul, Termiz va Balx shaharlarida B2B uchrashuvlar tashkil etish;
ACCI vakolatxonasini Toshkentda ochish orqali investitsion aloqalarni kuchaytirish;
Afg‘oniston tadbirkorlari uchun biznes vizalarini soddalashtirish va taklifnoma olish jarayonini yengillashtirish;
Termiz portida yuk tashish jarayonlarini tezlashtirish va bojxona tartib-taomillarini optimallashtirish;
har yili Qobul va Toshkent (yoki Mozori Sharif va Termiz)da qo‘shma savdo ko‘rgazmalarini o‘tkazish.
Tomonlar ushbu tashabbuslarni amalga oshirish ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish, yangi investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish va xususiy sektorlar hamkorligini yana-da faollashtirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida Davron Vaxabov Afg‘oniston delegatsiyasining tashrifini ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarda yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim qadam sifatida qayd etdi.