O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Zelal Tekstil kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar hamda kompaniya asoschisi Firat Deniz bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali muzokaralar o‘tkazdilar.
Suhbat chog‘ida to‘qimachilik sohasidagi qo‘shma loyihalar, tajriba almashish va investitsiyaviy imkoniyatlar xususida fikr almashildi.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng, afg‘on delegatsiyasi Toshkentda joylashgan tarixiy Ko‘kaldosh madrasasiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar madrasa meʼmorchiligi, uning tarixi va ilmiy-maʼnaviy ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlar oldilar.
Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.