O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida agrar sohada hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida agrar sohada hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati delegatsiyasining Afg‘onistonga amaliy tashrifi doirasida Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Mavlavi Attaullox Omari hamda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda asosiy eʼtibor agrar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari savdosini kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qator amaliy takliflarni ilgari surdi:
nasldor parranda tuxumlari, urug‘lar va kichik hajmli qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish;
afg‘on mutaxassislarini Andijon tajribasi asosida o‘qitish;
chorvachilik va go‘sht mahsulotlari importini rivojlantirish.
Afg‘oniston tomoni ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, quyidagi takliflarni bildirdi:
qo‘shma chorvachilik fermalarini tashkil etish va yetishtirilgan mahsulotlarni O‘zbekistonga eksport qilish;
Andijon viloyatidan parrandachilik mahsulotlari va tuxum yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish;
Andijonda ishlab chiqarilgan traktorlarni Afg‘onistonga import qilish.
Shuningdek, afg‘on tadbirkorlari uchun eksport-tranzit koridorlarini ochish masalasi ham ko‘tarildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishni yana-da chuqur o‘rganish va amaliy choralar ko‘rishga kelishib oldilar.