O‘zbekiston urug‘lari — Svalbard Butunjahon urug‘ omborida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning qadimiy va mahalliy ekinlariga oid urug‘ namunalari Norvegiyada joylashgan dunyodagi eng yirik va xavfsiz urug‘ saqlash maskani — Svalbard Butunjahon Urug‘ Saqlash Genbanki (Svalbard Global Seed Vault) ga topshirildi.
Ushbu muhim tashabbus Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Nordic Genetic Resource Center (NordGen) o‘rtasidagi samarali xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.
Mazkur jarayon O‘zbekistonda qishloq xo’jaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarida muhim bosqich bo‘ldi. Svalbarddagi omborga topshirilgan urug‘lar o‘zbek dehqonchilik madaniyatining bebaho merosi — qadimiy navlar va mahalliy ekotiplarning genetik namunalarini ifodalaydi. Topshirilgan kolleksiya ichida qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bug‘doyning 20 dan ortiq mahalliy navlari bor. Ayniqsa, bug’doyning mahalliy “Qayroqtosh” navi alohida ahamiyatga ega.
O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillarining ta’kidlashicha, bu tashabbus O‘zbekistonning o‘simliklar xilma-xilligini asrab-avaylash, global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish va genetik resurslarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini namoyon etadi.
Svalbard Butunjahon urug‘ ombori Arktika muzliklari bag‘rida joylashgan va -18°C haroratda doimiy ishlaydigan global genbank bo‘lib, hozir bu yerda 1,1 milliondan ortiq urug‘ namunalari saqlanmoqda. Ushbu maskan dunyo bo‘ylab faoliyat yurituvchi gen banklarida mavjud urug‘larning zaxira nusxalarini uzoq muddatli saqlashni ta’minlaydi. Bunday tizim tabiiy ofatlar, urushlar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli o‘simlik turlarining yo‘qolib ketish xavfini kamaytiradi va butun dunyo uchun barqaror oziq-ovqat ta’minotini kafolatlaydi. Svalbard Butunjahon urug‘ ombori Norvegiya hukumati, Crop Trust tashkiloti va Nordic Genetic Resource Center (NordGen) o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi.
O‘zbekistonning Svalbard urug‘ omboriga qo‘shilishi mamlakatning global ilmiy hamjamiyatdagi o‘rni va genetik resurslarni asrash bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. FAO va NordGen bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ushbu tashabbus nafaqat milliy genofondni mustahkamlash, balki mintaqada barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Ushbu qadam — O‘zbekistonning agrar ilm-fani, tarixiy merosi va global oziq-ovqat xavfsizligiga qo‘shgan amaliy hissasining yorqin ifodasidir.