O'zbekiston Turkiya sud tibbiyoti tarmog'iga qo'shildi
O'zbekiston Turkiya sud tibbiyoti tarmog'iga qo'shildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2-4-aprel kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlarning sud-ekspertiza muassasalari o‘rtasida Turkiy sud ekspertizasi tarmog‘ini (Turkic Forensic Science Network — TFSN) tashkil etish borasida muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tarmoqni tashkil etishga qaratilgan Memorandum imzolandi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston sud ekspertiza muassasalari delegatsiyasi, xususan, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi strategik tarmoqning ta’sischi-a’zosi sifatida ishtirok etdi.
Shuningdek, mazkur tadbir davomida Markaz direktori A.Xalilov tomonidan tarmoqqa a'zo davlatlarning sud ekspertiza muassasalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda yurtimizda sud ekspertiza sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida ma'lumotlar berilib, sud ekspertiza sohasida keng qamrovli hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Muhokamalar natijasiga ko‘ra sud ekspertiza sohasini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish, kiberjinoyatchilik va sintetik giyohvandlikka qarshi kurashish hamda xodimlar stajirovkasini tashkil etish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlik masalalari hamda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi va Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi o‘rtasida imzolangan 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijrosii muhokama qilindi hamda amaldagi hamkorlikni yanada jadallashtirish kelishib olindi.
Eslatib o'tamiz, 2024-yil 23-avgustda O'zbekiston va Ozarbayjon Davlatlararo Oliy Kengashining birinchi yig'ilishida ikki markaz o'rtasida Hamkorlik maqsadlari to'g'risidagi memorandum, 2025-yil 3-martda esa 2025–2027-yillarga mo'ljallangan Harakatlar rejasi imzolangan bo'lib, unda qo'shma ishlar va tajriba almashish yo'nalishlari belgilab berilgan edi.