O‘zbekiston Toshkentda Cambridge University Press rasmiy do‘konini ochishni taklif qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vaziri o‘rinbosari M. Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi London shahrida Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi, Savdo standartlari, "Cambridge" universiteti, "IP House" va "Film Distribution Association" tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda "Cambridge" universitetiga tegishli o'quv kitoblar, darsliklar (misol uchun, ingliz tili bo'yicha Raymond Murphy) va boshqa materiallarga bo'lgan mualliflik huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Adliya vazirligi vakillari tomonidan O'zbekistonda Cambridge nashriyotiga tegishli kitob va darsliklarning original nusxalarini xarid qilish mumkin bo'lgan rasmiy do'kon ochish taklif etildi.
Shu bilan birga, tadbirda kontrafakt mahsulotlarni maxsus tashkil etilgan fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy korxonalar tomonidan aniqlashning zamonaviy usullari o'rganildi.
Tadbir yakunida "Cambridge" universiteti nashriyotiga tegishli intellektual mulk obyektlarini ro'yxatdan o'tkazishga ko'maklashish, mualliflik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo'shma monitoring tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek, kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga va kinematografiya sohasidagi nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.