O‘zbekiston TIV: Hindistonda halokatga uchragan samolyot bortida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hindistonda halokatga uchragan aviareys yo‘lovchilari orasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov maʼlum qildi.
«Hindiston hududida sodir bo‘lgan fojeaviy holat haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik», — dedi TIV vakili. U halok bo‘lganlar oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etdi.
Olingan dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan reys yo‘lovchilari orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qayd etilmagan.
Fojea Hindistonning Gujarat shtatida joylashgan Axmedabad shahri aeroportida Air India aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti parvoz vaqtida sodir etgan halokat natijasida ro‘y berdi. Samolyot bortida 244 kishi bo‘lgan.
Hindiston OAV maʼlumotiga ko‘ra, ushbu havo kemasi — London yo‘nalishi bo‘yicha AI 171 reysini amalga oshirayotgan Boeing 787-8 Dreamliner bo‘lgan.
Guvohlarning aytishicha, samolyot Megxaninagar mahallasiga qulagan va kuchli portlashlar sodir bo‘lgan, so‘ngra yong‘in boshlangan.