O‘zbekiston TIV G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni olqishladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi AQSH Prezidenti Donald Tramp vositachiligida erishilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovda ushlab turilgan shaxslarni ozod etish haqidagi kelishuvni olqishladi. Bu haqda vazirlik bayonotida maʼlum qilindi.
Vazirlik Misr, Qatar va Turkiyaning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlarini yuqori baholab, ularning mazkur jarayondagi muhim rolini taʼkidladi. Bu jarayon zo‘ravonlikni tez fursatda to‘xtatish, gumanitar inqirozni yumshatish va siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratadi.
Bayonotda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston xalqaro huquq normalari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishini doimo qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
«O‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar o‘rtasida xavfsizlikni taʼminlash, barqaror hamjihatlikni o‘rnatish va o‘zaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam bo‘lishiga ishonchimiz komil», — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar yengillikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarga konstruktiv hissa qo‘shishga tayyorligini tasdiqladi.