Valyuta kurslari 28/08/2025
$1 – 12412.98
UZS – 0,47%
€1 – 14386.64
UZS – 0,01%
₽1 – 154.28
UZS – 0,23%
Qidirish
Iqtisod 28/08/2025 O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 2024 yildagi sof foydasi kamaydi

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 2024 yildagi sof foydasi kamaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ)ning 2024 yil yakunidagi sof foydasi 17,9 trln so‘mni (o‘rtacha yillik kurs bo‘yicha taxminan 1,4 mlrd dollar) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yildagidan ancha past — o‘shanda jamg‘arma 29,5 trln so‘m (taxminan 2,4 mlrd dollar) foyda qayd etgan edi. Bu haqda jamg‘armaning milliy buxgalteriya hisoboti standartlari (MBHS) bo‘yicha tayyorlangan auditorlik hisobotida maʼlum qilindi.

Foydaning pasayishi asosan moliyaviy faoliyatdan olinadigan daromadlar tushishi bilan bog‘liq: 36,6 trln so‘mdan 25,6 trln so‘mgacha kamaygan. Asosiy omil sifatida valyuta kurslari farqidan olinadigan daromadning 29,4 trln so‘mdan 17,4 trln so‘mga tushishi qayd etilgan. Shu bilan birga, jamg‘armaning foiz daromadlari 6,2 trln so‘mdan 7,1 trln so‘mga o‘sgan. Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar esa 7,1 trln so‘mdan 7,7 trln so‘mga ko‘paygan.

Hisobotga ko‘ra, 2024 yil yakuniga qadar debitor qarzdorlik hajmi 85,2 trln so‘mga yetdi va yillik hisobda 10,7 foizga o‘sdi. Jamg‘armaning uzoq muddatli investitsiyalari deyarli 60 foizga ko‘payib, 58,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Hisobot davrida O‘TTJ qator yirik kompaniyalarga uzoq muddatli kreditlar ham taqdim etdi: “O‘zbekneftgaz” AJga — 1,3 trln so‘m, “Aloqabank”ka esa — 709,8 mlrd so‘m.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling