O‘zbekiston Thales Alenia Space kompaniyasi bilan kosmik texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sidneyda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro astronavtika kongressi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Thales Alenia Space” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Thales Alenia Space” – kosmik ishlab chiqarish sohasida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, 40 yildan ortiq vaqt mobaynida telekommunikatsiya, navigatsiya, Yerni kuzatish, sayyoralarni o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va orbital infratuzilmalar yo‘nalishlarida innovatsion yechimlarni taklif qilib kelmoqda. Kompaniyaning keng qamrovli tajribasi va ilg‘or texnologiyalari davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, kosmik agentliklar hamda tijorat aloqa operatorlariga samarali xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Uchrashuvda O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini yanada takomillashtirish, ekologik monitoring tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Yerni masofadan zondlash va sputnik ma’lumotlarini qayta ishlashda hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“Thales Alenia Space” kompaniyasi O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Ushbu muloqot mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, kosmik texnologiyalarni joriy etish borasida yangi istiqbollarni ochishi ta’kidlandi.