O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi o‘yinchilarni yanada hujumkor bo‘lishga va to‘pni yaxshiroq nazorat qilishga chaqirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kuvayt ustidan 2:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Kecha aytganimdek, hech bir o‘yin oson bo‘lmaydi. Har bir raqibni jiddiy qabul qilish kerak. Uchrashuvni yaxshi boshladik. Mashg‘ulotlarda ishlagan g‘oyalarimiz ish berdi. Futbolchilar meni eshitayotganidan mamnunman. Biroq hali ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. G‘alaba bilan boshlashimiz muhim edi. Endi menda futbolchilar haqida ko‘proq maʼlumot bor», — dedi Kannavaro.
Tanqid haqidagi savolga javob berib, murabbiy shunday dedi: «Negativlar doimo bo‘ladigan holat. Shu vaqtga qadar tanqidlar bo‘lmaganmi? Albatta, bo‘lgan. Lekin ularga eʼtibor qaratmayman. Doimo o‘z ishim haqida o‘ylayman. Muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan odamni ham hurmat qilish kerak. Men futbolchilarga biroz agressiv bo‘lishlarini aytdim. To‘psiz o‘ynash ustida ishlashimiz kerak. Raqib pressing qilmagan taqdirda ham bunga tayyor bo‘lish kerak. Birinchi gol mashg‘ulotlar mevasi».
Kannavaro penalti va o‘yinchilarning jismoniy holati haqida ham to‘xtalib o‘tdi: «Penaltini futbolchilar amalga oshiradi, biroq avval uni his qilish kerak. Buning ustida ishlashda davom etamiz. Futbolda hamma narsani mashg‘ulotlar orqali rivojlantirish mumkin. Fayzullayevning holati yaxshi; bu borada shifokorlar bilan gaplashdik».
Jamoaviy o‘yin haqida so‘z yuritar ekan, bosh murabbiy nazorat va diqqatni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi: «O‘z ustimizda ishlashda davom etishimiz kerak. G‘alaba qozonayotgan vaqtda ko‘proq nazoratga urg‘u berish zarur. Hisob 2:0 bo‘lib turgan vaqtda oddiy holda to‘pni yo‘qotdik; raqibga imkon bermaslik eng muhimi. Biroq futbolchilar men ulardan so‘raganimni bajara olishdi. To‘p nazorati ustida ishlashimiz zarur. Maydonda 90 daqiqa davomida faqat yugurish imkonsiz. Shu sabab, futbolchilardan bir-birini yaxshiroq tushunish talab etiladi».
So‘zini yakunlar ekan, Kannavaro jamoa ichidagi muloqot muvaffaqiyatning asosiy omili ekanini taʼkidladi: «Bizning futbol ko‘p narsani o‘z ichiga oladi. Umid qilamanki, futbolchilar bilan ko‘proq gaplashamiz. Garchi doimo birga bo‘lmasak-da, ularga ishonch berib, videolar orqali ishlashga harakat qilamiz».