O‘zbekiston terma jamoasi tibbiy va murabbiylar shtabini kuchaytirdi

O‘zbekiston terma jamoasi tibbiy va murabbiylar shtabini kuchaytirdi

O‘zbekiston terma jamoasi tibbiy va murabbiylar shtabini kuchaytirdi

 Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA Series turniriga tayyorgarlik hamda yaqinlashib kelayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida tibbiy va murabbiylar shtabini kuchaytirmoqda, buning uchun tajribali xorijiy mutaxassislar jalb etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

Jumladan, jamoa bilan ishlashga sport tibbiyoti va ortopediya sohasidagi mutaxassis Enriko Kastellachchi qo‘shildi. U ko‘p yillar davomida Italiya terma jamoasi shifokori lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, u avval Italiya futbol shifokorlari assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan va mamlakat Milliy ortoped-travmatologlar assotsiatsiyasida vitse-prezident lavozimida ishlagan.

Bundan tashqari, tibbiy shtab tarkibiga Italiyalik fizioterapevt Simone Sidjilyo ham kiritildi. U “Palermo”, “Salernitana” va “Benevento” klublarida ishlash tajribasiga ega.

Shuningdek, terma jamoa murabbiylar shtabiga “Napoli”ning sobiq futbolchisi Paolo Kannavaro ham qo‘shiladi. 44 yoshli mutaxassis jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaroga yordamchi sifatida faoliyat olib boradi. Fabio Kannavaro o‘tgan yil oktyabridan buyon terma jamoani boshqarib kelmoqda. Ilgari aka-uka Kannavarolar Xitoyning “Guanchjou” klubida, shuningdek Italiyaning “Benevento” va “Udineze” jamoalarida birgalikda ishlagan.

Ayni paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Paolo Kannavaroning tayinlanishini rasman eʼlon qilmagan. Biroq uning Instagram‘dagi profilida u milliy terma jamoa bosh murabbiyining yordamchisi ekani ko‘rsatilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling