O‘zbekiston terma jamoasi JCH–2026 vaqtida Atlantada joylashadi
O‘zbekiston terma jamoasi JCH–2026 vaqtida Atlantada joylashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi Atlanta shahrida joylashadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berishicha, jamoa ushbu shaharda istiqomat qiladi va «Atlanta Yunayted» klubi bazasida mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
O‘zbekiston terma jamoasining raqiblari ham yashash joylarini belgilab oldi: Portugaliya Palm-Bich-Gardens shahrida, Kolumbiya esa Kolambus shahrida joylashadi. FIFA turnir davomida jamoalar uchun 61 ta turar joy va mashg‘ulot maskani ajratdi, bunda maskanlar o‘yinlar o‘tkaziladigan shaharlar va stadionlarning geografik joylashuviga qarab taqsimlandi.
Guruh bosqichida terma jamoalar uchrashuvlar uchun boshqa shaharlarga maxsus charter reyslar orqali uchib borib, o‘yinlardan so‘ng o‘z mashg‘ulot bazalariga qaytib keladi. O‘zbekiston terma jamoasi K guruhida ishtirok etib, Portugaliya, Kolumbiya va qitʼalararo pley-off g‘olibi bilan kuch sinashadi.