O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va XBAU xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari M.Kuranov hamda Xususiy bandlik agentliklari uyushmasi (XBAU) raisi T.Xaydarov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda xorijiy davlatlarga ishlash uchun yuborilayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, xorijdagi ish joyini tark etish holatlarini oldini olish, mehnat shartnomalariga konsullik ro‘yxatidan o‘tish to‘g‘risida alohida bandni kiritish hamda XBAU faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, TIV va XBAU o‘rtasida hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, xorijdagi fuqarolarga huquqiy va konsullik yordamini samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda TIV ko‘magida 2025-yil iyun oyida Germaniya va Xorvatiya kabi rivojlangan davlatlarda mehnat yarmarkalari hamda “B2B” formatida ish beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida chet eldagi fuqarolarning xavfsiz va qonuniy mehnat faoliyatini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.