O‘zbekiston tadbirkorlari uchun Xitoy bozorida yangi imkoniyatlar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30 iyul kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Xitoy Xalq Respublikasining eng yirik xalqaro ko‘rgazmasi — Kanton yarmarkasi delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kanton yarmarkasi (Canton Fair) — 1957 yildan buyon har yili ikki marta Guanchjou shahrida o‘tkazib kelinayotgan Xitoyning eng nufuzli xalqaro savdo ko‘rgazmasidir. U 25 000 dan ortiq kompaniyani birlashtirib, 50 dan ziyod yo‘nalishni qamrab oladi hamda 200 dan ortiq mamlakat va mintaqalardan ishtirokchilarni jalb etadi.
Uchrashuvda Kanton yarmarkasi delegatsiyasi rahbari, Xitoy tashqi savdo markazining ko‘rgazma va yarmarka ishlari bo‘yicha bosh direktori Lyu Syaomin O‘zbekiston tadbirkorlari uchun taqdim etilayotgan yangi imkoniyatlar, jumladan, yarmarkada ishtirok etish, yangi bozorlarga chiqish va Xitoydagi xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Kanton yarmarkasida ishtirokini yana-da kengaytirish, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.