O‘zbekiston Strategik islohotlar agentligi direktori Astana International Forum – 2025 doirasida Qozog‘istonlik hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Strategik islohotlar agentligi delegatsiyasining “Astana International Forum – 2025” doirasidagi ishtiroki davomida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va Qozog‘iston Respublikasining Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi raisi Aset Irgaliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi o‘laroq 2024-yilda ikki Agentlik o‘rtasida imzolangan Qo‘shma harakatlar rejasining ijrosi yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar erishilgan natijalarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni yangi sur’atda davom etish istagini bildirdi. Xususan, Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi raisi o‘zaro hamkorlik formatlarini kengaytirish, jumladan, qo‘shma tahliliy ishlar va islohotlarni rejalashtirishning yangi yondashuvlari yuzasidan qator amaliy takliflar bilan bo‘lishdi.
O‘z navbatida, Baxodir Raxmatov yaqinda Toshkentda Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – 2050” mintaqaviy forsayt-seminarining natijalari haqida ma’lumot berdi. Bunday tadbirlar mintaqaviy tendensiyalarni tizimli tahlil qilish va barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Agentliklar rahbarlari islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash masalalarini ham muhokama qilib, nafaqat normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, balki ularning ijrosini monitoring qilish muhimligini alohida qayd etdilar.
Uchrashuvda ilgari surilgan asosiy takliflardan biri sifatida – xalqaro forumlardan, jumladan “Astana International Forum”dan qo‘shma forsayt-tadbirlarini o‘tkazish uchun samarali maydoncha sifatida foydalanish g‘oyasini qayd etish mumkin. Aset Irgaliyevning ta’kidlashicha, bu kabi tashabbuslar mintaqaviy kun tartibini shakllantirish va Markaziy Osiyo uchun dolzarb masalalar bo‘yicha “mintaqaviy yechimlar” ishlab chiqishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, tomonlar o‘z mamlakatlaridagi dolzarb ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan axborot almashdilar. Baxodir Raxmatov O‘zbekistonda elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha Agentlik tomonidan olib borilayotgan kompleks ishlar haqida so‘zlab berdi. Jumladan, Agentlik fintex-kompaniyalari, tadbirkorlar va tegishli idoralar bilan faol muloqot olib borayotgani, bu esa raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadini tasdiqlab, ikki idora o‘rtasida muntazam muloqotni faollashtirishga kelishib oldilar.