Valyuta kurslari 13/02/2026
$1 – 12275.58
UZS – -0,1%
€1 – 14591.98
UZS – -0,36%
₽1 – 159.09
UZS – 0,16%
Qidirish
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi xorijiy internet-xizmatlaridan maʼlumot so‘rash bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi xorijiy internet-xizmatlaridan maʼlumot so‘rash bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi xorijiy internet-xizmatlaridan maʼlumot so‘rash bo‘yicha izoh berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xorijiy internet-kompaniyalardan mamlakat hududidan amalga oshirilgan to‘lovlar haqida maʼlumot so‘ralgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.

Avvalroq bir qator Telegram-kanallarda yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash bo‘yicha mintaqalararo soliq inspeksiyasining banklarga yo‘llangan xatlari eʼlon qilingan edi. Ularda idora so‘nggi uch yil davomida 83 ta xorijiy internet-servis foydasiga amalga oshirilgan to‘lovlar haqida maʼlumot taqdim etishni so‘ragan.

Banklar 2023—2025 yillar davomida soliq hisobiga olingan xorijiy kompaniyalar manziliga jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan barcha operatsiyalar bo‘yicha maʼlumotlarni taqdim etishi kerak. So‘rov xalqaro kartalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar, jumladan Visa, Mastercard, Uzcard, Humo va boshqalar, shuningdek elektron hamyonlar orqali o‘tkazilgan tranzaksiyalarni ham qamrab oladi. Har bir operatsiya bo‘yicha sana, summa va uning AQSH dollaridagi ekvivalenti ko‘rsatilishi lozim. Maʼlumotlar uch kun ichida maxsus elektron manzilga yuborilishi shart.

Soliq organlari ushbu talablarga rioya qilmaslik soliq to‘lovchi majburiyatlarining yuzaga kelishi haqida maʼlumot berish tartibini buzganlik uchun Maʼmuriy kodeksning 215-3-moddasiga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, bank tomonidan soliq to‘lovchilar operatsiyalari va hisob raqamlari bo‘yicha ko‘chirmalar taqdim etilmagan hollarda Soliq kodeksining 229-moddasiga asosan jarima solinishi mumkin.

Qo‘mita maʼlum qilishicha, maʼlumotlarni yig‘ish xorijiy internet-servislar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati va 2023 yildan buyon hisoblangan soliq summalarining to‘g‘riligini tekshirish uchun zarur. Shuningdek, idora 2025 yil dekabr oyida qabul qilingan yashirin iqtisodiyotiga qarshi kurash to‘g‘risidagi Prezident farmoniga (PF-246) tayanayotganini qayd etdi.

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati eslatishicha, Soliq kodeksining 278-moddasiga asosan realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni jismoniy shaxslarga ko‘rsatishga oid qism bo‘yicha soliq to‘lovchilar deb eʼtirof etiladi. Soliq kodeksining 280-moddasi 2-qismiga asosan soliq bazasi elektron shaklidagi xizmatlarni realizatsiya qilishning haqiqiy narxlaridan kelib chiqib hisoblab chiqarilgan soliq summasi hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi.

Aniq bir voqea yoki harakat bilan bog‘liq majburiyatlar uchun daʼvo muddati ushbu voqea sodir bo‘lgan paytdan eʼtiboran uch yilni tashkil etadi (88-modda).

Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 23 ta xorijiy internet-servis soliq hisobiga olingan, 2026 yil boshidan esa yana olti tasi ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu so‘rov soliq majburiyatlarining vujudga kelish muddatlarini aniqlash, soliq bazasini hisoblash va undirilishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorini belgilashga qaratilgan.

Banklar maʼlumotlarni anonim shaklda taqdim etadilar. Dekabr oyidagi farmonda belgilangan ustuvor choralar dasturi doirasida 2026-yil 1-martgacha xorijiy yuridik shaxslarga to‘lovlar bo‘yicha anonim maʼlumotlarni taqdim etish tartibi ishlab chiqiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling