O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Rossiya Xalqaro Savdo palatasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Rossiya Xalqaro Savdo palatasi (ICC Russia) bosh kotibi Tatyana Monegen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining ICC Russia tashkilotiga aʼzo bo‘lishi masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda Xalqaro Savdo Palatasining Milliy qo‘mitasini tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Tomonlar mazkur g‘oyani qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro savdo standartlarini joriy etish, nizolarni hal qilish uchun muqobil arbitraj tizimlarini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning ATA Carnet tizimiga qo‘shilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
ATA Carnet — xalqaro savdo va ko‘rgazmalarda ishtirok etish maqsadida tovarlar va mahsulotlarni vaqtincha chegara orqali o‘tkazish uchun ruxsat beruvchi maxsus hujjat bo‘lib, hozirda 80 dan ortiq mamlakat va hududlarda qo‘llaniladi.
Uchrashuv yakunida Dilshod Rasulov mehmonni 28-30 aprel kunlari SAEx Uzbekistan ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tkayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi yubiley xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurishga taklif etdi.