O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va ICCD halol sanoat va islomiy moliyani rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Makka shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Makkah Halal Forum 2025” doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o‘rinbosari D.Kurbanov Islom savdo va rivojlanish palatasi (ICCD) Bosh kotibi Yusuf Xalaviy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning ICCD bilan hamkorligini yana-da kengaytirish, islom mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda Palata imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
ICCD Bosh kotibi palataning joriy faoliyati, istiqboldagi rejalari va islom davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.
Muzokaralar davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, halol industriyasini rivojlantirish, islom moliyasi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari mamlakatimizning investitsiya muhiti, eksport salohiyati va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida axborot berdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ICCD va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, qo‘shma biznes-forumlar va savdo missiyalarini tashkil etish, o‘zaro tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar.