O‘zbekiston Rossiyada migrantlarga nisbatan o‘tkazilayotgan kuch ishlatish reydlari tufayli TIVga nota yo‘lladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotganini taʼkidladik.
Bunday holatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo to‘g‘ri kelmasligi, ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga eʼtibor qaratdik.
O‘zbekiston Respublikasi xorijda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi.
Ushbu masala yuzasidan O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan ham Rossiya tomoni bilan tegishli diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilmoqda.
O‘zbekiston tomoni barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini taʼminlashga chaqiradi.
Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirib qolamiz.
Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Elchixonamiz tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib bo‘lmas holatligi taʼkidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish so‘ralgan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani o‘zining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi.