Valyuta kurslari 05/09/2025
$1 – 12437.15
UZS – 0,51%
€1 – 14480.57
UZS – 0,39%
₽1 – 153.34
UZS – 0,14%
Qidirish
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining  2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining  2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura organlarining 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, prokuratura organlari tomonidan hisobot yilida ijtimoiy sohadagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini taʼminlash va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, 489 nafar fuqaroga 3,8 mlrd so‘mlik kechiktirilgan ish haqi va boshqa to‘lovlar undirib berilgan, shuningdek, 11,2 mlrd so‘mlik ish haqi hamda unga tenglashtirilgan to‘lovlar talon-toroj qilinganligi aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, iqtisodiy sohada qonuniylikni mustahkamlash, ayniqsa, investitsiya dasturlari ijrosini so‘zsiz taʼminlash, energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish, yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli usul va kanallarini aniqlash hamda ularga barham berish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan.

Tadbirkorlar va xorijiy investorlarning 29 451 nafariga qonun ustuvorligi, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Prokurorlarning sud protsesslaridagi ishtiroki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan choralar, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Senatorlar tomonidan prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda faoliyatning ayrim yo‘nalishlarida nazoratni yana-da kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Xususan, aholi sog‘lig‘ini saqlash, reproduktiv salomatligini asrash, qolaversa yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yetarli samara bermaganligi, onalar o‘limi soni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida oshganligi tanqid qilindi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash, tezkor-qidiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini yuritishda ham kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, sodir etilgan 67 mingdan ortiq jinoyatlarning qariyb 62 foizining oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil qilgan.

Bunday jinoyatlarning umumiy jinoyatchilik ko‘rsatkichidagi ulushi Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 65 foizga, Namanganda esa qariyb 70 foizga yetgan.

Senatorlar prokuratura organlari tomonidan sog‘liqni saqlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat o‘rnatish, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash borasida nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling