O'zbekiston rekord darajadagi oltin narxlari fonida oltin eksportini to'xtatishni uzaytirdi
O'zbekiston rekord darajadagi oltin narxlari fonida oltin eksportini to'xtatishni uzaytirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston jahon bozorida oltin narxlari tarixiy yuqori darajaga chiqqan sharoitda oltin eksportidagi tanaffusni uzaytirdi, deb xabar qiladi Bloomberg. Qayd etilishicha, yillik qazib olish hajmi taxminan 130 tonnani tashkil etuvchi va dunyodagi yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan mamlakat global geosiyosiy beqarorlikni inobatga olgan holda metalni jamg‘arish strategiyasiga o‘tgan.
Monetar bo‘lmagan oltin eksporti amalda o‘tgan yil noyabr oyidan beri to‘xtatilgan bo‘lib, noyabrdan yanvarga qadar bo‘lgan davrda yetkazib berishlar umuman amalga oshirilmagan. 2025 yil oktyabr oyida esa eksport hajmlari eng minimal darajada bo‘lgan. Solishtirish uchun, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston rekord darajada — 9,9 mlrd AQSH dollari miqdorida oltin eksport qilgan edi.
Himoya aktivi sifatida oltin qiymatining o‘sishi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq. O‘zbekiston Markaziy banki vakili oltin bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi qarorlar joriy bozor konyunkturasini hisobga olgan holda qabul qilinayotganini taʼkidlab, eksportni qayta tiklashning ehtimoliy muddatlari hozircha belgilanmaganini bildirdi. Mutaxassislar bunday yondashuv metall narxlarining yana-da oshishi kutilmayotganini anglatishi mumkinligini qayd etmoqda.
Eksport to‘xtatilishi bilan bir vaqtda mamlakat xalqaro zaxiralarni faol ravishda oshirib bormoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston Markaziy banki oltin xarid qiluvchi dunyodagi eng yirik o‘nta xaridor qatoriga kirdi. Yanvar oyida umumiy zaxiralar qariyb 18 foizga oshib, 65 mlrd AQSH dollariga yetdi, ular tarkibida oltin ulushi esa 86 foizdan oshdi. Bu joriy makroiqtisodiy sharoitda himoya aktivlariga alohida eʼtibor qaratilganini ko‘rsatadi.