O‘zbekiston rasman Bogota Chaqirig‘iga sodiqligini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda BMTning YUNISEF bolalar jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish: Global tashabbuslar va O‘zbekistonning istiqboldagi imkoniyatlari” mavzusidagi davra-suhbatida ushbu sodiqlik rasman maʼlum qilindi.
Qator mutasaddi davlat organlari va idoralari rahbarlari, jumladan AOKA direktori Asadjon Xodjayev ishtirok etgan tadbirda yangi qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi, erta javob choralarini ko‘radigan xizmatlar va kompleks yordam dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarga alohida eʼtibor qaratildi.
Bogota Chaqirig‘i tashabbusi bugungi kunga qadar 100 dan ortiq davlatlarni birlashtirib, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini taqdim etadi.
Ushbu global tashabbus bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etishga qaratilgan.
Chaqiriq quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
Bolalar huquqlari va farovonligini taʼminlash;
Huquqiy himoya;
Maʼlumotlarga asoslangan yondashuvlar;
Bolalarni himoya qilish tizimlarini mustahkamlash;
Raqamli muhitdagi xavflarni bartaraf etish;
Asosiy manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish.
Muzokaralar davomida qonunchilikni takomillashtirish, samarali himoya mexanizmlarini joriy etish, 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasidagi milliy strategiya va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.