O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri JBIC bilan raqamli infratuzilmani rivojlantirishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Banki (JBIC)ning boshqaruv raisi Hayashi Nobumitsu boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati, istiqboldagi rejalari va raqamli texnologiyalar sohasidagi yangi loyihalar yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda amalga oshiriladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish, IT-ta’limni rivojlantirish va xalqaro ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlarni yaratish, startaplar loyihalar orqali innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro samarali muloqotni davom ettirish, ustuvor loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yangi tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.