O‘zbekiston Raqamli rivojlanish vazirligi HPE va Juniper kompaniyalari bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi Hewlett Packard Enterprise (HPE) va Juniper kompaniyasi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Markaziy Yevropa bo‘yicha HPE va Juniper savdo bo‘limi vitse-prezidenti Lars Hartman bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Xususan, uchrashuvda mutaxassislar va yoshlarni HPE va Juniper texnologiyalariga o‘qitish, shuningdek, ushbu kompaniya yechimlari orqali raqamli infratuzilmani kengaytirish, jumladan elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida kooperatsiyani chuqurlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib oldilar. Ushbu hujjat doirasida tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va kadrlar salohiyatini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlarni qayta ishlash va davlat organlari xodimlarini tayyorlash jarayoniga kompaniya mutaxassislarini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.