O‘zbekiston Qurilish vazirligi va Jahon banki uy-joy qurilishida energiya samaradorligini oshirish dasturini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi binosida Jahon banki loyiha koordinatori Yorn Xuenteler boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, “Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev va boshqa mutasadillar ishtirok etdilar.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ko‘p qavatli uylarning energosamaradorligini oshirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 100-son qarori qabul qilinganligi ham mazkur yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi.
Qarorga asosan 2026-2030-yillar davomida Andijon, Buxoro, Samarqand va Chirchiq shaharlarida joylashgan 1 034 ta ko‘p qavatli uy, jumladan, 53 044 ta xonadonni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda ko‘p qavatli uylarning energosamaradorligini ta’minlash dasturining loyihaviy modelini ishlab chiqish, Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladigan ishlarning yo‘l-xaritasini tasdiqlash va amaliyotga joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Energosamaradorlikni oshirish, resurslarni iqtisod qilish bugun dunyo miqyosida insoniyat oldiga qo‘yilgan muhim vazifa sifatida shakllanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan bugungi kunda ko‘p qavatli uylarning energotejamkorligini oshirish loyihalarini olib bormoqdamiz. O‘ylaymanki, hamkorligimiz har taraflama manfaatli bo‘lib, xalqimizning farovon turmushi uchu ham xizmat qiladi, - dedi O.Jo‘rayeva.
Uchrashuv yakunida kelgusi istiqbolli hamkorlikka kelishib olindi.