O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi: kartoshka narxi fevral-mart oylarida barqarorlashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka narxi keskin oshgani haqidagi mish-mishlar yuzasidan rasmiy izoh berdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani haqidagi xabarlar tarqalgan.
Boshqarma mutaxassislari Toshkent bozorlarida o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahridagi “Food City” dehqon bozorida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 8,5 ming so‘mni tashkil etmoqda (minimal 7,5 ming so‘m, maksimal 9 ming so‘m).
Shuningdek, barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming so‘m narxida sotilmoqda. Toshkentning yirik bozorlarida esa kartoshkaning narxi quyidagicha:
Aviatsiya, Qo‘yliq, Mirobod, Yunusobod bozorlarida – 9 000 so‘m
Sirg‘ali, Farhod, Chilonzor, Eski Juva, Qoraqamish, Askiya, Oloy bozorlarida – 10 000 so‘m
Narx oshishiga sabab nima?
Kartoshkaning qimmatlashishiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Masalan, takroriy ekilgan maydonlardan yetarli hosil olinmadi. Kartoshka yiliga ikki marta ekiladi:
Yanvar-mart oylarida ekilgan kartoshka – aprel-iyulgacha hosil beradi;
Iyun-iyulda ekilgan kartoshka – noyabr-aprel oylarida iste’mol qilinadi.
2024-yil hosili uchun takroriy maydondan 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan, ammo noyabr-aprel davrida 1,7 mln tonna zarur. Yig‘ilgan hosil talabning faqat 44 foizini qoplaydi.
Takroriy ekish uchun urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa resurslar qimmatlashgan. Ma’lumot o‘rnida, 1 gektar kartoshka ekish uchun 55-60 mln so‘m sarflanmoqda, bu boshqa ekinlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p.
Oxirgi 4-yilda kartoshka narxi 173 foizga oshgan.
Azotli o‘g‘it 173%, kaliyli o‘g‘it 175%, kimyoviy vositalar 202%, dizel yoqilg‘isi 178%, mexanizatsiya xizmatlari 170%, elektr energiyasi 180% qimmatlashdi.
O‘tgan yildan boshlab suv soliqlari va QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) ham qo‘shilgani kartoshka tannarxiga ta’sir qilmoqda.
Qozog‘istonda 2024-yilda 2,9 mln tonna kartoshka yetishtirilgan, bu 2023-yilga nisbatan 80 foizga kamaygan.
Rossiyada ham kartoshka maydoni 33,9 ming gektarga qisqargan, natijada hosil 1,4 mln tonnaga kamaygan. Rossiyada o‘tgan yilning oktabr oyida kartoshkaning o‘rtacha narxi 22-23 rublga oshgan, bu avvalgi narxlardan 1,5 barobar qimmat.
Kartoshka narxi barqarorlashtirilishi uchun quyidagi ishlar amalga oshirildi:
245,6 ming tonna kartoshka zaxiraga olindi;
9,9 ming tonna mahsulot bozorlarga chiqarildi. Hozirda kartoshkalar arzonlashtirilgan yarmarkalarda 4000-4500 so‘mdan sotilmoqda.
Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Eron davlatlaridan 94,2 ming tonna kartoshka import qilindi, jarayonlarga to‘sqinlik qiluvchi ba’zi transport muammolari hal etilmoqda. Masalan, Sariq dovon ochilishi natijasida import hajmi ko‘paydi. Qolaversa, korxonalarga qo‘shimcha temir yo‘l vagonlari ajratildi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerak, hozirda "Korzinka" supermarketlarida Pokistondan import qilingan kartoshka kilosiga 4990 so‘mdan, mahalliy kartoshka esa, 8490 so‘mdan sotilmoqda.
Kartoshka narxi qachon tushadi?
Bu uchun bir qator amaliy ishlar rejalashtirilgan bo‘lib, xususan, 2025-yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aprel-may oylarida yangi hosil bozorga chiqariladi va buning natijasida kartoshka narxi pasayishiga erishiladi.
Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishi, aprel-may oylarida esa pasayishi kutilmoqda.