O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri YTTB bilan qishloq xo‘jaligi sohasiga “yashil iqtisodiyot” yondashuvini joriy etish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Iqlim strategiyasi va yetkazib berish departamenti boshqaruvchi direktori Gianpiero Nassi bilan videokonferensiya shaklida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston va YTTB o‘rtasidagi amaldagi loyihalar samaradorligi hamda agrar tarmoqda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida YTTB taqdim etgan Uzbekistan Agri-Food Investment Platform (UzAFIP) loyihasi aynan shu maqsadlarga xizmat qilishi ta’kidlandi. Ushbu tashabbus orqali:
loyiha ishlab chiquvchilar, texnika ta’minotchilari, tijorat banklari, investorlar va xalqaro moliya institutlari o‘rtasida hamkorlik va uzluksiz muloqot kuchaytiriladi;
kichik va yirik korxonalar uchun texnik yordam, barqarorlik standartlari hamda innovatsion moliya vositalariga kirish imkoniyati yaratiladi;
karbon bozorlari va qo‘shma moliyalashtirish manbalaridan foydalanish kengaytiriladi;
agrooziq-ovqat sektorining barqarorligi va raqobatbardoshligi oshiriladi.
Janob Nassi uchrashuvda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etib, ularni soha taraqqiyotining eng muhim omili sifatida baholadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha nafaqat agrar tarmoqda barqaror o‘sishni ta’minlaydi, balki O‘zbekistonning xalqaro bozorlar talabiga moslashuvchanligini kuchaytirib, mamlakatni mintaqada “yashil iqtisodiyot” yetakchisiga aylantirishi mumkin. Shu jihatlarni inobatga olgan holda tomonlar loyihani imkon qadar tez va sifatli amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalarni belgilab oldilar.