O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri IFAPA ilmiy markaziga tashrif buyurdi
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri IFAPA ilmiy markaziga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Ispaniyaning Andalusiya avtonom hududiga qarashli Kordoba provinsiyasida joylashgan Andalusiya qishloq xo‘jaligi va baliqchilik bo‘yicha tadqiqot va o‘quv instituti (IFAPA)ning “Alameda del Obispo” markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida vazir qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalar va barqaror agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha institut mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o’tgan muloqotda qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, urug‘chilik, o‘simliklar himoyasi va agrar ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilindi.
Natijada, tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy markazlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga doir kelishuvlarga erishildi.
Aytish kerak, mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekiston agrar sohasiga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga xizmat qiladi.