Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
Turizm 11/07/2025 “O‘zbekiston – Qatar” xalqaro turizm forumi: turizm sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash

“O‘zbekiston – Qatar” xalqaro turizm forumi: turizm sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 10-iyul kuni Qatar Davlatining Doha shahrida Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Qatardagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Qatar” xalqaro turizm forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini arab davlatlarida targ‘ib qilish va turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

 Forumda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, yetakchi turoperatorlari, aviakompaniyalari, investitsiya va savdo tuzilmalari vakillari ishtirok etdilar. Tadbirning ochilish marosimida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekistonning Qatardagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev hamda Qatar turizm sohasi vakillari o‘z kirish so‘zlarida sayyohlik almashinuvini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini aytib, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyorliklarini ta’kidladilar.

 Forum doirasida “O‘zbekiston - Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti o‘tkazilib, unda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari, noyob sayyohlik yo‘nalishlari, ziyorat, tibbiy, gastronomik va ekologik turizm sohasidagi infratuzilma loyihalari hamda imkoniyatlari yoritib berildi. Arab mamlakatlaridan keluvchi sayyohlar uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratildi. 

“B2B” va “G2B” formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar katta qiziqish uyg‘otdi. Bu uchrashuvlar sayyohlik biznesining vakillari o‘rtasida bevosita aloqalar o‘rnatish va sayyohlik mahsulotlarini ilgari surish mexanizmlarini muhokama qilish imkonini berdi. Qatar turoperatorlari va ommaviy axborot vositalari uchun O‘zbekistonga info-turlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Bundan tashqari, keng jamoatchilik uchun madaniy-taqdimot ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning tabiiy va me’moriy diqqatga sazovor joylarining fotosuratlari, xalq hunarmandchiligi buyumlari namoyish etildi, shuningdek, o‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rish imkoniyati yaratildi.

“O‘zbekiston – Qatar” forumi Qatar aholisining O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini tasdiqladi va turizm sohasida barqaror hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi nafaqat milliy sayyohlik mahsulotlarini targ‘ib qilishga, balki ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling