Valyuta kurslari 16/06/2025
$1 – 12760.21
UZS – 0,43%
€1 – 14704.87
UZS – 0,0%
₽1 – 160.08
UZS – 0,55%
Qidirish
O‘zbekiston 16/06/2025 O‘zbekiston Prezidenti xalq qabulxonalari tizimi to‘liq qayta ishga tushirilishi haqida eʼlon qildi

O‘zbekiston Prezidenti xalq qabulxonalari tizimi to‘liq qayta ishga tushirilishi haqida eʼlon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2016 yilda uning tashabbusi bilan yaratilgan xalq qabulxonalari tizimini qattiq tanqid qildi. Prezident taʼkidlashicha, avval boshda fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun samarali mexanizm sifatida tashkil etilgan ushbu institut so‘nggi paytlarda o‘z taʼsirchanligini yo‘qota boshladi.

“Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qoldi”, - dedi davlatimiz rahbari.

Misol uchun, o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan.

Murojaatlar hal bo‘lmagani uchun, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan. Ijtimoiy tarmoqlardagi eng ko‘p murojaatlar huquq-tartibot idoralari va sud, hokimliklar, taʼlim, ekologiya sohalariga to‘g‘ri keladi. Mingga yaqin murojaatlarda Prezidentning shaxsiy qabuli so‘ralgan.

“Ayniqsa, Toshkent shahri va Buxoroda mansabdor shaxslar ustidan shikoyatlar ko‘payganini hokimlar qachon tahlil qilgan? Vazirlar va hokimlar murojaatlarga yechim bermasa, odamlar dodini kimga aytsin?

Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak!” - dedi Prezident.

Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi.

Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi.

“Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan shu yerning o‘zida hal qiladi”, - dedi Prezident.

Fuqarolar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida tuman hokimlarining vakolatlari kengaytiriladi va aholi muammolarini tezkor hal etish uchun qo‘shimcha resurslar ajratiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling