Valyuta kurslari 30/10/2025
$1 – 11990.53
UZS – -0,12%
€1 – 13959.38
UZS – -0,24%
₽1 – 150.71
UZS – 0,33%
Qidirish
O‘zbekiston Prezidenti UNESCO doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Prezidenti UNESCO doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Prezidenti UNESCO doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilarini madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida samimiy qutladi. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini, UNESCO Bosh direktori Odri Azule, xorijiy mamlakatlar hukumatlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga, barcha delegatsiyalarga konferensiyada ishtirok etayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz so‘zining avvalida bu galgi sessiya so‘nggi 40 yilda birinchi marta UNESCOning Parij shahridagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

– Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotganini Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi deb qabul qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston yetakchisi tashkilot o‘zining 80 yillik faoliyati davomida ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida global hamkorlikni, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan nufuzli xalqaro institutga aylanganini qayd etdi.

Shu ma’noda, xalqlarning milliy o‘ziga xosligi, ularning madaniy merosini saqlab qolish, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni mustahkamlashda UNESCOning roli ortib borayotgani ta’kidlandi.

– Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Davlatimiz rahbari ilm-fan, adabiyot va madaniyat beshigi bo‘lgan Samarqandning buyuk merosini yodga oldi. Xususan, Kopernik va Kepler kashfiyotlariga asos bo‘lgan mashhur yulduzlar jadvali yaratilgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini eslatib o‘tdi. Prezidentimiz mehmonlarni Buyuk ipak yo‘li durdonasi, tinchlik va xalqlar do‘stligi diyori bo‘lgan Samarqand ruhidan bahramand bo‘lishga chorladi.

Geosiyosiy keskinlik va harbiy nizolar noyob yodgorliklar va madaniy merosga ziyon yetkazayotgani, bilim va raqamli texnologiyalardan foydalanishdagi tafovut global tengsizlikni kuchaytirayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston rahbari bunday murakkab sharoitda UNESСOning asosiy vazifalarini bajarish uchun birdamlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. O‘zbekiston tashkilotning ezgu maqsadlariga sodiqligini, konstruktiv hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz UNESCO bilan 2027-yilgacha mo‘ljallangan besh yillik hamkorlik dasturini amalga oshirmoqda. Uning doirasida buyuk mutafakkir va arboblar – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod yubileylariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasi kabi ilmiy muassasalar va adabiy yodgorliklar, jumladan, “Alpomish” dostonining tarixiy sanalari keng nishonlandi.

Butunjahon merosi shaharlari – Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandga Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi bo‘yidagi yodgorliklar qo‘shildi. G‘arbiy Tyan-shan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari mintaqaning o‘ziga xos bioxilma-xilligini aks ettiradi.

Prezidentimiz O‘zbekistonning yigirmaga yaqin nomoddiy merosi – “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya san’ati, miniatyura, Navro‘z bayrami, atlas va adras to‘qish an’analari UNESCO e’tirofiga sazovor bo‘lganini eslatdi. Tashkilot shafeligida "Sharq taronalari", maqom san’ati, baxshichilik, hunarmandchilik va etnosport festivallari o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” kabi hujjatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda UNESCOning kafedralari va hamkor maktablari faoliyat yuritmoqda, Toshkent va Farg‘ona shaharlari Ta’lim shaharlari global tarmog‘iga kiritilgan. Shuningdek, yuzlab madaniy meros obyektlari zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida restavratsiya qilindi.

Prezidentimiz Samarqand konferensiyasi doirasida qo‘shimcha tadbirlar – Buxoroda zamonaviy san’at biyennalesi, Toshkentda Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi ochilishi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi UNESCO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini topshirish marosimi, muzeylar sohasida sun’iy intellektni qo‘llash masalalari bo‘yicha konferensiya o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olishga oid Global konvensiyaga qo‘shiladi.

Davlatimiz rahbari UNESCO faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi. Prezidentimiz UNESCOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. O‘zbekiston UNESCO shafeligida “Sun’iy intellekt – maktab” pilot loyihasini amalga oshirish va Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etishga tayyor.

O‘zbekiston yetakchisi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash zarurligini ta’kidladi. Xalq og‘zaki ijodi, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlar kabi noyob meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash maqsadida ta’sis etilgan UNESCOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish, shuningdek, UNESCO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari 2027-yilda Buxoroda UNESCOning ijodiy shaharlar tarmog‘i doirasida Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazishni taklif etdi.

Prezidentimiz gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida UNESCOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasini tashkil etish hamda Samarqandda dunyoning barcha qit’alaridan taniqli tadqiqotchilar, san’at namoyandalari, pedagoglar va novatorlar ishtirokida Ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi xotin-qizlarning global forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masala sifatida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi madaniy merosga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, “UNESCOning ekologik poytaxti” global tashabbusini ta’sis etish, shuningdek, UNESCO Ijroiya kengashining globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Xiva shahrida shu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Virtual makonda noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishiga qarshi kurashish, jamoatchilik fikrini himoya qilish va kamsitishlarga qarshi kurashish ham ustuvor yo‘nalishlar qatorida. Prezidentimiz Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va UNESCOning mediasavodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashish, islom madaniyati va ma’rifatini butun dunyoda tarannum etish kerakligini ta’kidladi: “Bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim”.

O‘zbekistondagi noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari salohiyatidan faol foydalanish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti forum hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch va global sheriklikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ilgari surishda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– UNESCOning boqiy an’ana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat va samarali faoliyat tilab, tadbirning tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv timsoli bo‘lgan Samarqand shahrida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

Bu O‘zbekistonning yuksak xalqaro nufuzi va sivilizatsiyalar muloqotini rivojlantirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda insoniyat madaniy merosini asrab-avaylashga qo‘shayotgan hissasini tasdiqlaydi.

Ochilish marosimi yakunida O‘zbekiston va xorij san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Unda simfonik orkestr, xor jamoasi va milliy ansambl ijrosida o‘zbek mumtoz kuy-qo‘shiqlari va jahon musiqasining sara asarlari zamonaviy talqinda yangradi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling