O‘zbekiston Prezidenti UNESCO bilan hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
O‘zbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Odri Azule davlatimiz rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor UNESCOning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekistonning konferensiyani yuksak saviyada tashkil etish, shuningdek, uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitish borasidagi keng ko‘lamli ishlariga ijobiy baho berildi.
Xususan, UNESCOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.
O‘zbekistonning tashabbusi bilan UNESCOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi obyektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.
UNESCO bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
#Shavkat Mirziyoyev