O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisini tavallud kuni bilan tabrikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmanistonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekiston Prezidentiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.
Keyingi yillarda, eng avvalo, mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari tufayli ikki tomonlama hamkorlikda misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Idoralar o‘rtasida yaqin va sermahsul aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi ortmoqda. Muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, jumladan, "Shovot - Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi qurilishi yakunlanmoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari, Hududlararo forumni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
#Shavkat Mirziyoyev