O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va boshqa rasmiy shaxslar ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Ozarbayjon Prezidentiga qadimdan Buyuk ipak yo‘lidagi muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Gabala shahrida sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
- Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi, - dedi davlatimiz rahbari.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi tashkilot mamlakatlariga savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga TDTga samarali raislik qilgani va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan munosib hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Sammit kun tartibiga o‘tar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bugungi xalqaro vaziyatga qisqacha tavsif berdi.
Bu galgi yig‘ilish murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar, dunyoda va mintaqada xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda o‘tayotgani ta’kidlandi.
- Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi, - dedi davlatimiz rahbari.
Shu nuqtayi nazardan, global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va Xavfsizlik Kengashining rolini oshirish, shuningdek, xalqaro ishlarda rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozini kuchaytirish zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.
Yevroosiyo qit’asida tobora avj olayotgan, oxiri ko‘rinmayotgan mojaro va urushlar Tashkilot davlatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistondagi barqarorlik masalalari jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston rahbari jahonning qudratli davlatlarining adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi intilishlari va yangi rejalarini olqishladi.
Global vaziyatni chuqur tahlil qilish va zarur qarorlar qabul qilish maqsadida TDT mamlakatlari tashqi siyosiy idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlarining qo‘shma uchrashuvlarini o‘tkazish va bunday formatdagi birinchi yig‘ilishni kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish taklif qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi qisqa muddatda jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirgan Turkiy davlatlar tashkilotining o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Oliy darajadagi siyosiy muloqot kengayib, o‘zaro ishonch mustahkamlanib borayotgani, qo‘shma loyihalar va gumanitar dasturlar faol amalga oshirilayotgani bundan dalolat beradi.
Bugungi kunda TDT doirasida 35 dan ortiq yo‘nalishda amaliy hamkorlik qilinmoqda. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda va 2030 yilga borib ikki barobar ko‘payishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqining asosiy qismida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq masalalariga to‘xtaldi.
Tashkilotning nufuzi va salohiyatini oshirish, yaqin istiqbolda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi rolini kuchaytirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.
- Bu borada Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha alohida "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu hujjatlarda quyidagi aniq yo‘nalish va chora-tadbirlarni aks ettirish zarurligi qayd etildi.
Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish.
O‘zbekiston Prezidenti yaqin istiqbolda TDT doirasida savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlar, huquqiy asos va infratuzilma yaratishni nazarda tutadigan Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.
Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, xususan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini ta’sis etish muhimligi qayd etildi. Doimiy asosda faoliyat yuritadigan ushbu tuzilmaga Tashkilot mamlakatlari Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari rahbarlik qilishi mumkin. Kengashning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif etildi.
O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, quyidagi masalalar Kengashning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak:
- Turkiy davlatlar Sanoat alyansini tuzish va shu orqali mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashish;
- o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida "Turkiy yashil yo‘laklar" elektron tizimini joriy etish;
- "yashil" energetika, "yashil" vodorod va ammiak bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va vakolatlarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish uchun "Yashil transformatsiya" konsorsiumini tashkil etish;
- strategik minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish asosida qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish.
Shu bilan birga, "xomashyo - qayta ishlash - ilm va texnologiyalar - tayyor mahsulot" tamoyili asosida amaliy hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, TDT mamlakatlari organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchilariga aylanishi mumkin.
FAO tahliliga ko‘ra, bugungi kunda jahon organik mahsulotlar bozori hajmi 225 milliard dollardan oshadi va kelajakda bu ko‘rsatkich har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Sifatli va xaridorgir organik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ilmiy-tadqiqot va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
- Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Uchinchidan, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish.
Mamlakatimiz yetakchisi O‘rta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi rejalarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu yo‘nalishning raqobatbardoshligini ta’minlash va biznes hamjamiyati uchun eng qulay sharoitlar yaratish muhim ekanini ta’kidladi.
Shu ma’noda, maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli bojxona tartib-taomillarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rta koridor qurilayotgan Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, ulkan mintaqada ko‘p tarmoqli, strategik magistral yo‘llar tizimi yaratiladi.
Transport sohasiga oid bu tashabbuslarning barchasi 12-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida atroflicha muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
To‘rtinchidan, keng ko‘lamli sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun samarali moliyaviy vositalarni joriy etish.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, ITB, ETTB va boshqa xalqaro hamda milliy moliya institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Beshinchidan, barqaror rivojlanishning muhim drayverlariga aylanayotgan sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish.
Ushbu yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Oltinchidan, "Jaholatga qarshi – ma’rifat" tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish.
2025-2026-yillarda mamlakatimiz 100 dan ortiq ta’lim muassasalarini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilishi ta’kidlandi. Kelgusi hafta Toshkentda ittifoqning Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston raislik davrida "Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari"ni o‘tkazish niyatida.
O‘zbekiston Prezidenti ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning tadqiqotlarini rag‘batlantirish maqsadida mamlakatimizda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshlayotganini ma’lum qildi. Davlatimiz rahbari uning negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.
Yettinchidan, yoshlar orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish.
Shu munosabat bilan Turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.
O‘zbekiston, shuningdek, islomofobiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishga qaratilgan yaqin muloqotni davom ettiradi.
Bundan tashqari, Tashkilot doirasida yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi.
- Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.
Sammit yakunida Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma qaror va hujjatlar to‘plami qabul qilindi.
#Shavkat Mirziyoyev