O‘zbekiston prezidenti: Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtata oladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilari sammiti — “S5+1” formati doirasidagi yig‘ilishda AQSH prezidenti Donald Trampning mintaqada hamkorlikni rivojlantirishdagi rolini yuqori baholadi hamda aynan u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga qodir bo‘lishiga umid bildirdi.
«Biz “S5+1” formatini qayta faollashtirishdagi shaxsiy hissangizni juda yuqori baholaymiz. Ilgari biror bir AQSH prezidenti Markaziy Osiyoga bunday darajada eʼtibor qaratmagan. Men shaxsan o‘z nomimdan va barcha hamkasblarim nomidan sizga minnatdorchilik bildiraman. Biz sizning munosabatingizni, qo‘llab-quvvatlovingizni his etyapmiz — bu biz uchun juda katta ahamiyatga ega. Katta rahmat sizga», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari taʼkidlashicha, Donald Trampning xalqaro barqarorlikni taʼminlashdagi hissasi O‘zbekistonda ham eʼtirof etilgan.
«Men sizga oldin ham aytganman: O‘zbekistonda sizni tinchlik prezidenti deb ataydilar. Siz juda katta ishlar qildingiz — sakkizta urushni to‘xtatishga erishdingiz. Va men ishonamanki, aynan siz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni ham to‘xtata olasiz. Biz bunga juda ishonamiz va umid qilamiz», — dedi u.
Prezident Mirziyoyev taʼkidladiki, bugungi sammit Vashington uchun mintaqaning strategik ahamiyatini yaqqol namoyon etmoqda. «Bugungi uchrashuv shuni ko‘rsatmoqdaki, AQSH Markaziy Osiyoni muhim hamkor sifatida ko‘rmoqda. Biz ishonch va yaratish istagiga asoslangan kelajakni birgalikda qurmoqdamiz», — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida “S5+1” formatidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ular orasida — Markaziy Osiyo mamlakatlarida navbatma-navbat joylashtiriladigan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Kotibiyatni tashkil etish hamda davlat tuzilmalari, biznes va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqot uchun Investitsiyalar va savdo bo‘yicha koordinatsiya kengashini tuzish takliflari bor.
Shuningdek, u 2020 yilda kelishuvga erishilgan Markaziy Osiyo investitsiya sherikligi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.
O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyoni Yevropaga bog‘laydigan qo‘shma transport, kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishning muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. «Biz ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha AQSH bilan izchil hamkorlik qilishga tayyormiz, “Tramp yo‘li”ni faol qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildiki, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida umumiy qiymati 34 milliard dollar bo‘lgan investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha uch yillik reja ishlab chiqilmoqda. «Bu yirik loyihalar bo‘lib, biz ularni Nyu-Yorkda ham, bugungi uchrashuvda ham muhokama qildik», — deya qo‘shimcha qildi prezident.
O‘zbekiston rahbari sammitni Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni anglatuvchi muhim voqea sifatida taʼrifladi. «“S5+1” formati amaliy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanishi kerak», — dedi Mirziyoyev va navbatdagi sammitni 2026 yilda Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi.
«Ishonaman, janob Tramp, sizning rahbarligingiz ostida bu hamkorlik mustahkam va uzoq muddatli bo‘ladi», — deya so‘zini yakunladi O‘zbekiston prezidenti.