O‘zbekiston Prezidenti milliy terma jamoani jahon chempionatiga chiqqani bilan tabrikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat milliy futbol terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatining final bosqichiga chiqqani munosabati bilan tabrikladi. Davlat rahbari bu g‘alabani haqiqiy tarixiy voqelik deb atadi.
«Osiyoning kuchli jamoalari bilan keskin kurashda siz haqiqiy xarakter, so‘lmas iroda va yuksak professionalizmni namoyon etdingiz. O‘zbekiston mustaqillik tarixi davomida ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Bu buyuk g‘alaba bilan sizlarni chin qalbimdan tabriklayman», — deyiladi Prezident murojaatida.
Prezident bu natija milliy sport solnomasiga yorqin yutuq sifatida kirishi va futbolga sadoqatli millionlab yurtdoshlar orzusining ro‘yobiga aylanganini taʼkidladi.
«Sizlar mehnat, iqtidor, mahoratingiz va eng muhimi, muvaffaqiyatga bo‘lgan mustahkam ishonchingiz bilan xalqimiz yillar davomida orzu qilgan natijaga erishdingiz», — dedi u.
Davlat rahbari ushbu yutuqni Yangi O‘zbekiston yosh avlodining ulkan salohiyati va mamlakatimizda ommaviy sport, xususan, futbol sohasiga qaratilgan davlat eʼtiborining samarasi deb taʼrifladi.
«Sizning ushbu nufuzli musobaqaga chiqishingiz — nafaqat sport sohasidagi yutuq, balki yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga berilgan ustuvor ahamiyatning amaliy ifodasidir», — dedi Prezident.
Shuningdek, u ushbu zafar minglab yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lishini va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
«Ishonamanki, xalqimizning qo‘llab-quvvatlovini his etgan holda, butun Markaziy Osiyo mintaqasini namoyon etish masʼuliyati va sharafini anglab, Sizlar AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida munosib ishtirok etasiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari jamoa murabbiylar shtabi, futbolchilarning ota-onalari va yaqinlariga ham minnatdorlik bildirdi. «Jamoamizni har bir bosqichda ishonib, duo qilib qo‘llab-quvvatlagan barcha azizlarga chuqur minnatdorlik izhor etaman», — dedi u.
«Kurbon hayiti kabi muborak kunlarda xalqimizga bag‘ishlangan bu tarixiy, unutilmas zafar bilan barchangizni yana bir bor tabriklayman. G‘alabalar yo‘lida to‘xtab qolmang, aziz farzandlarim!» — deya Prezident o‘z tabrigiga yakun yasadi.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyun kuni Abu-Dabidagi “Al-Nahyyan” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi BAAga qarshi 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Bu natija jamoaga “A” guruhida 2-o‘rinni mustahkamlab, jahon chempionati yo‘llanmasini rasman taʼminlash imkonini berdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston jahon chempionati finaliga chiqqan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakatga aylandi. Terma jamoa murabbiyi Temur Kapadze mamlakat tarixida Olimpiya terma jamoasini Olimpiadaga va milliy jamoani mundialga olib chiqqan ilk mutaxassis sifatida tarixga kirdi.
To‘qqiz turdan so‘ng O‘zbekiston jamoasi 18 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi o‘rinda — 20 ochkoga ega Eron. Ulardan keyin BAA (14 ochko), Qatar (10), Qirg‘iziston (6) va KXDR (2) joylashgan. O‘zbekiston so‘nggi o‘yinini 10 iyun kuni Qatarga qarshi Toshkentda o‘tkazadi.