Valyuta kurslari 09/10/2025
$1 – 12072.03
UZS – 0,28%
€1 – 14016.83
UZS – -0,2%
₽1 – 148.01
UZS – 0,95%
Qidirish
O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Rossiya" formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama sheriklikni yanada rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Markaziy Osiyo bilan keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirib, uning tabiiy sheriklar bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligiga yangi sur’at berishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

- Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman. Umumiy tarix, ko‘p asrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va o‘zgarmas asosi hisoblanadi, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Jahon iqtisodiyotidagi tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, shuningdek, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar "Markaziy Osiyo - Rossiya" formatida yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taqozo etayotgani qayd etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan hamkorligi istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

Eng avvalo, tizimli siyosiy muloqotni mustahkamlash va aniq natijaga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu bois, O‘zbekiston Prezidenti har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlarning muntazam muloqotlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

2027 yilga qadar qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, davlatimiz rahbari amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yanada batafsil "yo‘l xaritasi"ni tayyorlashni taklif etdi.

Topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, mintaqaviy ahamiyatga molik dastur va loyihalarni tayyorlash hamda jadallashtirish maqsadida hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy sheriklikni tubdan kengaytirish mintaqa bilan Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida ijobiy sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, o‘tgan yil va joriy yilda O‘zbekistonning Rossiya va mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 15 foizgacha oshdi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi.

Bozorlarga kirishni o‘zaro yengillashtirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, "Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi" loyihasini ishga tushirish shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz tranzit-transport salohiyatidan, eng avvalo, "Shimol - Janub" yo‘lagi doirasida samarali foydalanish g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.

- Biz avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz. Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lgan integratsiyalashgan, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz bo‘lishi zarur, - dedi Prezident.

Yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish belgilandi. Shu ma’noda, bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini faol kengaytirayotgani, gaz-kimyo tarmog‘ida yirik strategik loyihalar amalga oshirilayotgani, zamonaviy mis boyitish xabi tashkil etilayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, mashinasozlik, aniq asbobsozlik, kimyo, elektrotexnika, tog‘-kon va boshqa tarmoqlarda hamkorlikni klaster asosida kengaytirish uchun ulkan zaxiralar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yetakchi korxonalar va xususiy sektorning innovatsiyalarga yo‘naltirilgan kooperatsiyasini rag‘batlantirish maqsadida Buxoro shahrida ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, joriy etish va ko‘paytirish uchun noyob texnologik maydon bo‘lishi mumkin bo‘lgan "Markaziy Osiyo - Rossiya" sanoat injiniring xabini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Mamlakatimiz yetakchisi Toshkentdagi “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazma-forumi imkoniyatlarini maksimal darajada ishga solish muhimligini ta’kidladi.

Joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan beshinchi ko‘rgazmada 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. 5 milliard dollarlik bitimlar tuzildi. Ushbu tadbirga "Markaziy Osiyo - Rossiya" muloqoti formatidagi bosh industrial va innovatsion maydon maqomini berish taklif qilindi.

O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham mintaqa barqarorligining omili bo‘lib qoladi. Bugungi kunda gaz quvurlari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

- Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi, - dedi Prezident.

Ushbu yo‘nalishda keng ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish - O‘zbekistonda Atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish, shuningdek, Moskva muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish taklif qilindi.

Uglevodorodlarni izlash va qayta ishlash, elektr energetikasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish borasidagi hamkorlikni kengaytirish niyati bildirildi.

Ilg‘or bilim va texnologiyalar transferi, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish maqsadida "Markaziy Osiyo - Rossiya energetika sherikligi" kompleks dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Innovatsiyalar sohasida "Skolkovo" markazining mintaqa mamlakatlarida filiallarini ochish taklif etildi.

Shuningdek, yetakchi markazlar, tashkilotlar va IT kompaniyalar darajasida sa’y-harakatlarni birlashtirish va loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy ekspert kengashini ta’sis etish zarurligi qayd etildi.

Gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida har yili Etnomadaniyat forumi - Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodi festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Bundan tashqari, dual va professional ta’lim tizimini joriy etish, fundamental ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish uchun yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tuzilmalarining salohiyatini birlashtirishga qaratilgan "Kelajak muhandislari" ilmiy-ta’lim konsorsiumini ishga tushirish taklif qilindi. Mintaqa mamlakatlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Rossiya universitetlarining filiallari Konsorsiumning intellektual bazasi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekistonda ularning soni 15 tani tashkil etadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yosh tadqiqotchi va olimlari uchun maxsus grant dasturini ta’sis etish taklif qilindi.

Har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun bolalar va onalar salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi sohasida ijtimoiy moslashuvga ko‘maklashish, shuningdek, mintaqaviy yo‘nalishlar asosida sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha dasturlar qabul qilish dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi.

- Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz. Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Hamkorlikni kengaytirish va Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida oliy darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi. Ushbu uchrashuvlar kun tartibidan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, ushbu mamlakat barqarorligi va taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olishi mumkin.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti mintaqaning barcha mamlakatlari xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta’minlash yo‘lida Rossiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Sammit davomida boshqa davlatlar rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Tadbir yakunida Qo‘shma kommyunike va ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha 2025 - 2027 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling