O‘zbekiston Prezidenti Li Chje Myonni Koreya Respublikasi Prezidenti etib saylanishi bilan tabrikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonni ushbu lavozimga saylangani bilan tabrikladi va eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari o‘z maktubida Li Chje Myon rahbarligida Koreya Respublikasining intellektual va iqtisodiy qudrati yana-da o‘sishiga, xalqaro maydondagi obro‘-eʼtibori va nufuzi mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
"Biz Koreya Respublikasi bilan do‘stona va keng qamrovli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga alohida eʼtibor qaratamiz. Aminmanki, Sizning Prezidentlik davringizda alohida strategik sheriklik munosabatlarimiz barcha ustuvor sohalarda jadal rivojlanadi", - deyiladi maktubda.
Prezidentimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni yana-da mustahkamlash maqsadida Li Chje Myonni o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.