O‘zbekiston Prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini keskin tanqid qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan keskin noroziligini bildirdi.
Davlatimiz rahbari huquq-tartibot idoralari asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralarni eʼtiborsiz qoldirayotgani taʼkidladi.
Korrupsiyani oldini olish, omillari bilan ishlash uchun 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalarida 1 ming 285 xodim ishlamoqda. Lekin, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda ularning o‘rni ham, masʼuliyati ham sezilmayotgani qayd etildi.
Har yili biznes muhitini yaxshilash, investitsiya jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishda byurokratiya va to‘siqlarga barham berish bo‘yicha o‘nlab qarorlar qabul qilinmoqda.
Masalan, 6,5 ming turdagi mahsulotni ishlab chiqarish va olib kirishda tadbirkorlarga muvofiqlikni baholash majburiyati yuklangan. Shundan 3 ming 700 turdagi tovar bo‘yicha har bir partiyaga alohida sertifikat olish shart.
Shunday ro‘yxatlar sanitariya, karantin, veterinariya idoralarida ham bor. Bojxona esa bu ro‘yxatlarni hammasi bilan ishlaydi.
Tadbirkorlarni qiynab, korrupsiyaga omil bo‘layotgan bunday ro‘yxatlarni qisqartirish bo‘yicha bu idoralarning komplayens xodimlari hech qanday taklif bermagan, dedi davlatimiz rahbari.